FU
Fidoyi Ustozlar
Gafarova Firuza
✅ Ekspertiza tomonidan tasdiqlangan

Gafarova Firuza

📍 Hudud Samarqand / Samarqand shahri
🏫 Ta'lim muassasasi 6-maktab
📘 Fan Matematika
⏳ Pedagogik staj 45 yil

🏆 Ustozning yutuqlari va pedagogik faoliyati

G‘affarova Feruza Djalalovna — 45 yillik pedagogik tajribaga ega, matematika fani bo‘yicha fidoyi va tajribali ustoz. U ko‘p yillar davomida Samarqand shahridagi 6-maktabda faoliyat yuritib, yuzlab o‘quvchilarga matematika fanidan bilim berib, ularning kelajakdagi ta’lim va kasbiy faoliyatiga mustahkam poydevor yaratib kelmoqda. Ustozning ko‘p yillik samarali mehnati munosib e’tirof etilgan. 2007-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan, 2017-yilda “Xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Mustaqilligimizning 25, 30 va yaqinda 35 yilligi, Konstitutsiyamizning 25 yilligi munosabati bilan ham munosib taqdirlangan. Uning eng katta yutuqlaridan biri — shogirdlarining muvaffaqiyatlari. Yillar davomida ustoz tayyorlagan o‘quvchilar respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari hamda turli tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. Bugungi kunda uning ko‘plab shogirdlari AQSh, Germaniya va boshqa xorijiy davlatlarda tahsil olib, turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Feruza Djalalovna bugungi kunda ham o‘quvchilar bilan ishlashni davom ettirib, nafaqat matematika fanidan, balki turli intellektual va ta’limiy musobaqalarda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, “Сила ума” kabi tanlovlarda o‘quvchilarga tayyorgarlik ko‘rish va ishtirok etishda yordam beradi. Men ham ustozning shogirdlaridan biriman. U kishi meni matematika fanidan tayyorlab, bilim va ko‘nikmalarimni rivojlantirishimga katta hissa qo‘shgan. Eng muhimi, bu yordamni menga mutlaqo bepul ko‘rsatgan. Ustoz o‘zining ko‘p yillik bilim va tajribasini yosh avlodga beg‘araz ulashib kelayotgani bilan haqiqiy fidoyi ustoz namunasidir. 45 yil davomida minglab o‘quvchilarning hayotiga ta’sir ko‘rsatib, bugungi kungacha o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgani uning eng katta yutug‘i, deb hisoblayman.

✨ Shogirdlar yutuqlari va hayotiy ta'sir hikoyalari

45 yillik pedagogik faoliyati davomida yuzlab shogirdlari O‘zbekistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga muvaffaqiyatli o‘qishga kirgan. Hamda, ustozning shogirdlari yillar davomida Xalqaro fan olimpiadalari va turli tanlovlarda ham ishtirok etib, munosib natijalarga erishib kelgan. Shogirdlari orasida Germaniya, AQSh va boshqa davlatlarda tahsil olib, magistratura bosqichini tamomlagan bitiruvchilar ham bor. Bugungi kunda uning ko‘plab shogirdlari turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Men ham ustozning shogirdlaridan biri bo‘lib, hozirda matematika fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritaman

💬 Jamiyat e'tirofi — Nega tavsiya qilinmoqda?

2015-yilda, Samarqand viloyatining chekka qishlog'idagi 8-sinfda o‘qiyotgan paytimda, otam Feruza Djalalovnaning intervyusini ko‘rib, meni u kishining oldiga, Samarqand shahridagi 6-maktabga olib bordi. O‘sha paytdan beri u kishi mening ustozim bo‘lib kelmoqda. Men o‘sha davrda moddiy imkoniyati yuqori bo‘lmagan oiladan edim. Feruza ustoz esa ba'zi boshqa o‘quvchilardan o'qishga tayyorlagani uchun haq olayotgan bo‘lsa-da, meni yillar davomida mutlaqo bepul tayyorladi. Otam bir necha marta dars uchun pul bermoqchi bo‘lganida, ustoz: “Pul kerak emas, shu pulni Salimga sarflang, uning ijara va boshqa xarajatlarini to‘lang”, deb aytgan. Bu gap men uchun u kishining qanday inson va qanday ustoz ekanini juda yaxshi ifodalaydi. Eng muhimi, meni oddiy o‘quvchi sifatida emas, o‘z farzandidek ko‘rdi va doim “sen mening o‘z o‘g‘limdek” deb qo‘llab-quvvatladi. U kishi meni faqat darsda emas, hayotda ham himoya qilgan. Hatto yangi sinfdoshlarimga: “Agar Salimni xafa qilsangiz, bu maktabdan ketaman”, deb aytgan ham ekan. Balki shuning uchun ham sinfdoshlarim menga yomon munosabatda bo‘lishdan qo‘rqishgan, va bu narsa Ustozimni qanchalik hurmati baland bo'lganini ham ko'rsatib beradi. Ustozimning menga bo‘lgan ishonchi va himoyasi o‘sha paytda men uchun juda katta ahamiyatga ega edi. Bugun men ham matematika o‘qituvchisiman. O‘zimga ustozlik qilishni o‘rgatgan insonlardan biri aynan Feruza Djalalovna. Men u kishining menga qilgan yaxshiligini hech qachon to‘liq qaytara olmasligimni bilaman. Shuning uchun hech bo‘lmaganda uning menga bergan imkoniyati, mehr-muhabbati va ishonchini o‘z o‘quvchilarimga yetkazishga harakat qilaman — imkoniyati cheklangan bolalarga bepul dars beraman, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlayman va ularga o‘zimga berilgan imkoniyat kabi imkoniyat yaratishga intilaman. Menimcha, haqiqiy fidoyi ustozning eng katta yutug‘i — uning shogirdi yillar o‘tib o‘zi ham ustoz bo‘lib, undan o‘rgangan yaxshiliklarni boshqalarga davom ettirishidir. Men Feruza Djalalovnaning ana shunday shogirdlaridan biri ekanimdan faxrlanaman.

Siz ham Gafarova Firuza haqida xotira yoki hikoya qo'shmoqchimisiz?

Saytdan yoki Telegram botimiz orqali ustoz haqida o'z tavsiyangizni yuboring — u ekspert ko'rigidan so'ng ushbu profilga biriktiriladi.

📝 Hikoya qo'shish